NAVBATDAGI MAHALLANI O‘RGANISH YOSHLAR UCHRASHUVIDAN BOSHLANDI

Narpay tumani birinchi sektor rahbari va sektor shtabi aʼzolarining mahallalar bo‘ylab olib borayotgan o‘rganishlari davom etmoqda.

Bu galgi manzil O‘zbekiston mahallasi bo‘ldi. Mazkur uchrashuvning avvalgilaridan farqi shundaki, dastavval tuman hokimi ushbu mahallaning yosh avlod vakillari bilan uchrashib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan suhbat o‘tkazdi.

Bunda, 30 dan ortiq yoshlar ishtirok etib, kontrakt to‘lovlari, sog‘ligini tiklash va tadbirkorlik qilish uchun ko‘mak kabi bir qator masalalarni ilgari surdi. Barcha murojaatlar ro‘yxatga olinib, tegishli masʼullarga yo‘naltirildi.

Shundan so‘ng, mahalla xodimlarining joriy yildagi aniq maqsadlari bo‘yicha hisobotlari tinglandi. Mazkur mahallada faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi hamda xotin-qizlar faolining bergan hisobotlari va joriy yildagi faoliyati uchun oldiga qo‘ygan maqsadlari noaniqligi maʼlum bo‘lib, har uchchalasining olib borayotgan ishlari qoniqarsiz deb baholandi. Ularning masʼuliyatsizligi va xizmat vazifasiga vijdonan yondashmaganligi tanqid ostiga olindi.

Birinchi sektor aʼzolari kun davomida ushbu mahalladagi 60 dan ortiq xonadonlarda bo‘lib, 30 ga yaqin muammolar aniqlandi va bu bo‘yicha tegishli chora hamda ko‘rsatmalar belgilandi.

Shu bilan birga, mahalladagi qabristonlar hamda hududlarni to‘liq obodonlashtirish, "Yashil makon" umummilliy loyihasi asosida olib boriladigan ishlarga tayyorgarlik masalalari ko‘rildi.

O‘rganishlar davomida, taʼlim dargohlarining faoliyati, holati va issiqlik tizimi ham eʼtibordan chetda qolmadi.

O‘rganishlar so‘ngida tuman hokimi mahalla yettiligi va tegishli masʼullarga mahalladagi obodonlashtirish va ariqlarni betonlash ishlari risoladagidek emasligini taʼkidlab, bu bo‘yicha salbiy fikrlarini bildirish bilan bir qatorda, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar borasida aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Bu kabi o‘rganishlar tasdiqlangan reja asosida boshqa mahallalarda ham davom etadi.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM