JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLARNING MUROJAATLARI TAHLIL QILINDI

Hozirda, Xalq qabulxonasi davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, dolzarb muammolarni aniqlash, murojaatlar qonuniy va sifatli ko‘rib chiqilishini taʼminlashda samarali mexanizmga aylanib bormoqda.

Tumanimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonasi va yuqori turuvchi idoralarga 1-sektor hududidagi mahallalarda yashovchi fuqarolardan joriy yilning boshidan hozirga qadar yuborilgan murojaatlar tahlil qilindi.

Bunda, murojaatlar kelib tushishining asosiy sabablari, u yerdagi vaziyat, murojaatlarning bajarilishi, ularni qonuniy va ijobiy yechim orqali hal qilinishi masalalari ko‘rib chiqildi.

Bunda, sektor hududidagi 18 mahallaga jami 1756 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning eng ko‘pi Do‘stlik, Tortuvli, Ipak yo‘li, Mustaqillik, Navro‘z, O‘zbekiston, Dedan va Oltio‘g‘il mahallalari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tahlillar natijalariga ko‘ra, kelib tushgan murojaatlarning aksariyati, bir martalik moddiy yordam, nafaqa pulining ajratilishi, majburiy ijro byurosi undiruvlari, aliment to‘lovlari va boshqa masalalarni tashkil qilyapti.

Tuman hokimi, 1-sektor shtabida, sektordagi barcha mahallalar raislari, sektor shtabi aʼzolari bilan birgalikda, murojaatlarning kelib chiqishi va ijrosi xususida, tahliliy muhokama o‘tkazdi.

Muhokama davomida, masʼullarga aholi murojaatlari bilan bevosita ishlash, ularni kelib chiqish sabablarini aniqlash va imkoni borlarini joyida bartaraf etish, umuman olganda fuqarolar masalalariga yechim topishda ko‘maklashishga chuqurroq yondashish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM