MAKTABLARDA JORIY QILINAYOTGAN YANGI TIZIM O‘RGANILDI

Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi chog‘ida Oqdaryo tumanidagi 32-maktabda ham bo‘lgan edi. Tashrif davomida, maktab taʼlimiga joriy qilinayotgan yangi metodikalar to‘g‘risida topshiriqlar berib o‘tdi.

Mazkur topshiriqlarga asosan tumanimizning 10 ta umumtaʼlim maktabida o‘quvchilarga 13 turdagi kasb-hunarlarni o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlandi.

Avvalroq 56-maktabda bu bo‘yicha ishlar boshlanganini xabar qilgandik. Endi esa, yana 9 ta yaʼni, 1, 7, 17, 27, 30, 43, 61, 62, 71-umumtaʼlim maktablarida, dasturchi, kompyuterlarga texnik xizmat ko‘rsatish va operator, fotomuharrir, mobil telefon taʼmirlash, tikuvchi hamda qandolatchi kabi turli yo‘nalishlarda taʼlim berilishi qisqa muddatlarda yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, ushbu ilm maskanlarida tadbirkorlar tomonidan o‘quvchilarga avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, akfa rom yasash, duradgorlik, sartaroshlik, santexnik hamda kashtachilik singari kasb-hunarlarning sir asrorlarini ham o‘rgatish takliflari ham kelib tushdi.

Shuningdek, yurtboshimizning “IJTIMOIY SOHA OBYEKTLARINING ISITISH TIZIMLARINI DAVLAT-XUSUSIY SHERIKLIK ASOSIDA MODERNIZATSIYA QILISH TO‘G‘RISIDA” gi qaroriga muvofiq tumanimizdagi ijtimoiy obyektlarni kuz-qish mavsumida isitish bo‘yicha bir nechta xususiy tadbirkorlar, «SS-ASH», “Archmega qurilish”, “Kattaqo‘rg‘on Osiyo qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari bilan davlat xususiy sherikchiligi asosida hamkorlik qilinmoqda.

Tuman hokimi bugun masʼullar hamrohligida maktablardagi yangi joriy qilinayotgan tizim borasida qilinayotgan hamda binolarni isitish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Amalga oshirilgan ishlarda mavjud kamchiliklar yuzasidan tegishli masʼullarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berib o‘tdi.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM