Zulfiya Mo‘minova 1959 yil 15 iyulda Narpay tumani Qoratov tog‘ining yon bag‘rida joylashgan so‘lim qishloqda tug‘ilgan.

Qishlog‘ida xalq ijodini juda yaxshi tushunadigan va ijro etib bera oladigan insonlar yashaydi. "...Bolaligimdan Mo‘min oqin bobom bir necha soatlab dostonlar kuylashlarini eshitardim. Yillar o‘tdi, ko‘p suvlar oqib ketdi, ammo xalq og‘zaki ijodi hanuz sheʼrlarimda jaranglaydi...", deb eslaydi shoira.

U 1983 yili ToshDUning filologiya fakultetini yakunlaydi. So‘ngra “Saodat” jurnali hamda radioda ishlashni boshlaydi.

Zulfiya Mo‘minovaning ilk sheʼriy to‘plami “Vatan tashlab ketmaydi” deb nomlangan. Bu kitob 1988 yilda chop etilgan. Shundan so‘ng “Beshiklarni asragin”, 1993 yilda “Yonayotgan ayol”, 1997 yilda “Azizim, baxtiyorman” kabi sheʼriy to‘plamlari bosmadan chiqdi. Ayniqsa, “Yonayotgan ayol” to‘plami kitobxonlarga manzur bo‘ldi.

Shoira 2000 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan, 2021 yilda "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" faxriy unvon bilan mukofotlangan.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM