#Munosabat

Ijtimoiy tarmoqda “Mirbozor bozori” MCHJ darvozasi yonida, yaʼni belgilanmagan joyda meva va ko‘katlar bilan savdo qilayotgan fuqaroning baqir-chaqiri aks etgan video tarqaldi. Unda nazoratchilar bu ayolni mahsulotlarini boshqa joyga ko‘chirishga urinayotganligi bayon etilgan.

“Mirbozor bozori” MCHJ tomonidan olingan maʼlumotga ko‘ra, videoda aks etgan fuqaro Nargiza Samadova 2022 yilning oktyabr oyidan buyon bozorning ikkinchi asosiy darvozasining kirish qismiga o‘zboshimchalik bilan stol qo‘yib, o‘rnashib olgan. Vaholonki, bu fuqaroga bozor ichidagi savdo rastasidan joy ajratilib, alohida sharoit yaratib berilgan. Meva va ko‘kat mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanayotgan bu fuqaro bozor ichidagi rastalarda savdo qilishi lozimligi haqida har kuni nazoratchilar tomonidan ogohlantirilgan. Shunga qaramasdan u nazoratchilarni mensimay, ularni og‘izga olib bo‘lmas so‘zlar bilan haqoratlab kelgan.

Bu ayolning noqonuniy o‘rnashib olganini ko‘rgan boshqa fuqarolar ham darvoza oldiga stol qo‘yib, savdo qilishga kirishgan. Natijada bozorga kirib-chiqish yo‘li torayib, noqulayliklar vujudga kelgan. Shu bois bozor rahbariyati N. Samadovadan mahsulotlarni yig‘ishtirib, bozor ichidagi maxsus rastaga o‘tib savdo qilishini talab qilgan. Chunki, bozor ichida rastalar bo‘sh turibdi.

Fuqaroning qay tarzda muomala qilayotgani videoda ko‘rinib turibdi, shunday bo‘lsada, bozor maʼmuriyati va ichki ishlar xodimlari unga nisbatan qo‘pollik qilishmagan.

Narpay tumani hokimligi Axborot xizmati.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM