Xalq deputatlari tuman Kengashining sessiyasi

DEPUTATNING VAKOLATI MUDDATIDAN OLDIN TUGATILDI

Xalq deputatlari Narpay tuman Kengashining qirq to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishini tuman hokimi Sherzod Rahmonov olib bordi.

Sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, siyosiy partiyalar vakillari, kun tartibiga daxldor korxona, tashkilot masʼullari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Dastlab, xalq deputatlari tuman Kengashida bo‘shab qolgan 8-Totkent saylov okrugi deputatligiga o‘tkazilgan saylov yakunlari yuzasidan saylov komissiyasi raisi Anvar Bobojonovning axboroti tinglandi.

Axborotda saylov natijalariga ko‘ra, G‘ayrat Yangiboyev xalq deputatlari tuman Kengashiga deputat etib saylangani maʼlum qilindi.

Shu kabi tumanda 2022 yilning o‘tgan davrida huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i Akmal Xasanovning, 2022 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi boshlig‘i Oybek Sulaymonovlarning hisobotlari eshitildi.

Shundan so‘ng xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlarining 2021 yildagi faoliyati yuzasidan kotibiyat mudiri Bekzod Orziqulov axborot berdi.

Axborotdan maʼlum bo‘ldiki, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlik vakolatlarini bajarmagan bir nafar deputatning vakolatini muddatidan oldin tugatish bo‘yicha xulosaga keldi.

Bundan tashqari, sessiyada tuman hokimining “Suyunov Djurabek Baxridinovichni Narpay tumani hokimining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlash”, “Tuman hokimligi boshqaruv apparati tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi va boshqa bir qator qarorlari deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM