SUBSIDIYA MABLAG‘LARI MAQSADLI ISHLATILISHI USTIDAN NAZORAT QILINADI

Shu yilning 2 avgustida Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unda 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar xodimlarning ishga kelib-ketishi hamda tarbiyalanuvchilarning davomatidan kelib chiqib, Maktabgacha taʼlim vazirligining nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida avtomatik ravishda hisoblab chiqilishi belgilandi.

Shuningdek, xodimlarning ishga kelib-ketishini hisobga olish hamda tarbiyalanuvchilarning davomatini yuritish mobil ilova yordamida shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali amalga oshiriladi.

Hisobot oyida tarbiyalanuvchilarning o‘rtacha oylik davomati nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida ro‘yxatga olingan tarbiyalanuvchilar soniga nisbatan 40 foizdan kam bo‘lganda ushbu oy uchun xodimlarga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ish haqi to‘lanmaydi.

Endilikda tadbirkorlar axborot tizimiga bog‘chalarning hisob raqamlari, barcha xodimlari va tarbiyalanuvchilari to‘g‘risida maʼlumotlar kiritishi lozim.

Agar axborot tizimida bog‘chalarning ayrim tarbiyalanuvchilari o‘zining yoki bolalarning fotosurati o‘rniga boshqa bolalar yoki katta yoshdagi odamlarning rasmini qo‘ysa, mazkur davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti (MTT)ga uch oy davomida subsidiya to‘lovlari hisoblanmaydi va to‘lanmaydi. Bunday holat ikkinchi marta aniqlanganda ushbu DXSH asosidagi MTT bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim bekor qilinadi va qayta tuzilmaydi.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kun holatiga tumanda 204 ta oilaviy nodavlat bog‘chalari mavjud. Ularda 5550 nafar bog‘cha yoshidagi bolalar taʼlim-tarbiya olishmoqda.

Jasur Boboqulov,

tuman maktabgacha taʼlim bo‘limi boshlig‘i.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Maked by: SAKTRM