Xabaringiz bor, joriy yilning 8 sentyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etishga qaratilgan ustuvor vazifalar”ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Shunga ko‘ra, bugun tumanimizdagi “Narpay Broker” xususiy korxonasi binosida, tuman hokimi, tuman prokurori, tuman hokimining tegishli o‘rinbosari va bir qator tashkilotlar masʼullari ishtirokida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Shuningdek, uchrashuvda, tumanda faoliyat yuritib kelayotgan 50 ga yaqin korxona va tashkilotlar masʼullari ham qatnashishdi. Shu bilan birga, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni eshitish va qonunchilikda belgilangan tartibda yechim topish, tumandagi mebel va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarish hajmini oshirish va bu borada tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirayotgan muammolar bo‘yicha tumanda tunu-kun ishlaydigan shtab tashkil etilganligi to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Shu qatorda, tadbirkorlarga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni to‘liq statistik va soliq organlari hisobotlarida ko‘rsatish, korxonalarga quyosh panellari o‘rnatish, ishchi xodimlarga qulay shart-sharoitlar yaratish kabi bir qator masalalar yuzasidan aniq topshiriq va tavsiyalar berildi.