Aholini ro‘yxatga olish sinov natijalari nimani ko‘rsatdi

         Ma’lumki, mamlakatimizda 2023 yilda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi qaroriga asosan, mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish sifatini ta’minlash, uning tashkiliy va uslubiy jihatlari, dasturiy-texnik ta’minoti va ma’lumotlarni qayta ishlash texnologik jarayonlari hozirligini aniqlash maqsadida, 2021 yil 1-25 noyabr kunlari respublikamizning 4 ta hududida sinov tariqasida aholi ro‘yxatga olindi.

           Sinov natijalaridan kelib chiqib, 2023 yilda aholini ro‘yxatga olish dasturi, ro‘yxatga olish savolnomalari, metodik qo‘llanmalar va normativ hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi hamda ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha axborot tizimi takomillashtiriladi. Sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida ishtirok etish uchun 2021 yilning 12-20 noyabr kunlari xalqaro kuzatuv missiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi. 11 kishidan iborat ushbu missiya vakillari respublikamizning 4 ta hududida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishga ko‘rilgan tayyorgarlik va uni o‘tkazish ishlari bilan tanishdi. Ular bu jarayonni ijobiy baholab, uni yanada sifatli va zamonaviy usullardan foydalangan holda o‘tkazish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi. Jumladan, savolnomalarni milliy mentalitetga moslashtirishni yanada takomillashtirish, planshetlardan keng foydalanish, internet tarmog‘i orqali ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, planshet usulida ro‘yxatga olish jarayoni qog‘oz usuliga qaraganda qulayligi, tezkorligi va samarali ekani kuzatildi. Agar qog‘oz uslubida ishlagan bir xodim o‘rtacha 350 tadan 400 tagacha shaxsni ro‘yxatga olgan bo‘lsa, planshetda o‘rtacha 500 tadan 750 tagacha to‘g‘ri keldi.

         Qayd etish joizki, sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari muayyan muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda hamda mahallalarda targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil etilgan bo‘lsa-da, aholining ro‘yxatga olish tadbiridan to‘liq xabardor emasligi, ayniqsa, xonadonlarda yashovchi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ayrim mahalla idoralaridagi mavjud axborotga mos kelmasligi ham kuzatildi.

        Aholini ro‘yxatga olish natijalaridan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot manbai sifatida foydalaniladi. Shuningdek, bu natijalar milliy barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, xalqaro reytinglar va indekslarda, jumladan, Statistika salohiyati indeksi, Inson barkamolligi indeksi, Iqtisodiy erkinlik indeksi kabilarda mamlakatimizning o‘rnini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ro‘yxatga olish natijalari xorijiy investorlarni kengroq jalb qilish, investitsion muhitni yanada yaxshilash, turizm salohiyatini oshirish, iqtisodiyot yuksalishi va pirovardida aholimizning farovonligini yanada yaxshilashda qo‘l keladi.

 

Tuman statistika bo‘limi

2015-2022 © Нарпай туман ҳокимлиги. Разработан в: SAKTRM