SOLIQCHI – KO‘MAKCHI

Bugungi kunda tizimda “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida faoliyat yuritishi ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu o‘rinda “Soliqchi — ko‘makchi” tamoyilining mazmun-mohiyati nimalardan iborat, degan o‘rinli savol tug‘ilishi tabiiy.

Eng avvalo, ish boshlayotgan tadbirkorga birinchi qadamidan unga qaysi soliq rejimi qulay va foydali ekanligini tanlab berishimiz zarur. Undan keyingi bosqichda asosiy eʼtibor tadbirkorlik subyektining oyoqqa turib olishiga, faoliyat ko‘rsatmayotganlarini qayta tiklashga, buxgalteriyasini yuritish, hisobotlarni shakllantirish va topshirish, xullas, nima muammosi bo‘lsa hal etish bo‘yicha ko‘maklashishga qaratiladi.

Narpay tuman davlat soliq inspeksiyasiga III-chorak uchun byudjet daromadlariga 16,7 milliard so‘mlik reja belgilangan bo‘lib, haqiqatda 19,6 milliard so‘mlik tushum taʼminlandi va prognoz ko‘rsatkichi 117,4 foizga(2,9 mlrd.so‘m ortig‘i bilan) bajarildi.

Belgilangan rejaning ortig‘i bilan bajarilishida har bir tadbirkorning muammolarini tushungan holda, ularga yaqin ko‘makchi sifatida ish tashkil qilingani asosiy sabab desam yanglishmayman.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda davlat soliq xizmati organlari faoliyati tadbirkorlarni jazolashga emas, aksincha ularga eng yaqin ko‘makchi bo‘lish, ishbilarmon doira vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Demak, faoliyatimizga baho soliq qonunchiligi buzilishi qay darajada kamaygani, tadbirkorlarni ortiqcha sarf-xarajatlardan saqlab qolish, ular duch kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga qarab beriladi.

Faoliyatini boshlayotgan tadbirkor qator muammolarga duch kelishi ehtimoldan holi emas. Ayni jarayonda ularga davlat soliq xizmati organlari xodimlari ko‘makchi bo‘lishi zarur.

Darhaqiqat soliq xodimi eng avvalo, yangi ish boshlayotgan tadbirkorga birinchi qadamidan unga qaysi soliq rejimi qulay va foydali ekanini tanlab berishi zarur.

“Soliqchi–tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili doirasida III-chorakda tumandagi 781 ta tadbirkorlik subyektlari o‘rganildi. Shundan 488 tasiga ko‘maklashish zarurligi aniqlandi.

Jumladan, dastlabki buxgalteriyani yuritishda 81 ta, soliq qarzi to‘g‘risida maʼlumot berishda 25 ta, soliq rejimini tanlashda 47 ta, soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartiblari bo‘yicha tushuncha berishda 21 ta tadbirkorlik subyektiga yordam berildi. Shu kabi QQS solig‘i va boshqa soliq turlaridagi ortiqcha to‘lov summasini qaytarishda ham ko‘maklashildi. Shuningdek, imtiyozli kredit olishda 7 ta, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda 58 ta tadbirkorga amaliy yordam berildi.

Mamlakatimizda aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilgan holda ularning bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4742-sonli qarori bu borada muhim dasturilamal hujjat bo‘ldi.

Taʼkidlash joizki, o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarning ro‘yxatdan o‘tishi murakkab jarayon emas. Jumladan, bu Soliq mobil ilovasi yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng matritsali shtrix kod (QR-kod)li guvohnoma beriladi.

Tuman bo‘yicha 2022 yilda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 7083 nafarni tashkil etmoqda. Shundan,1251 nafari ijtimoiy,1324 nafari maishiy xizmatlar, 1312 nafari sanoat, 2768 nafari qishloq xo‘jaligi, 103 nafari axborot-komunikatsiya bo‘yicha xizmatlar, 325 nafari xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zini o‘zi band qildi.

Bugungi kunda soliq to‘lovchilarning murojaat va savollariga tezkorlik bilan javob qaytarish maqsadida telegram messenjerida SoliqMaslahatchilari (180 dan ortiq aʼzosi bor), Soliqchi-ko‘makchi Narpay DSI guruhlari tashkil qilingan bo‘lib, savol va murojaatlarga tezkorlik bilan javob berib kelinmoqda.

Telegramdagi Narpay tuman davlat soliq inspeksiyasining “Soliqchi-ko‘makchi”Narpay DSI rasmiy kanali orqali soliq qonunchiligidagi yangiliklardan xabardor bo‘lishingiz mumkin.

Soliq tizimida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni sizlarga sodda va xalqchil tilda tushuntirishda, tuman davlat soliq inspeksiyamizda faoliyat yurituvchi barcha xodim va rahbarlar sizlarga ko‘mak berishga har doim tayyor. O‘zlaringizni qiynayotgan muammolar va savollar bilan bevosita qabulimizga kelib yoki yuqorida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan manzillar orqali bemalol murojaat qilishingiz mumkin.

Nurbek RAZZOQOV,

Narpay tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i.

2015-2024 © Нарпай туман ҳокимлиги. Maked by: SAKTRM